AQSh milliy xavfsizlikka tahdidlar sababli xorijda ishlab chiqarilgan dronlar importini chekladi. Politico nashrining xabar berishicha, Qo‘shma Shtatlar Federal aloqa komissiyasi (FCC) josuslik va maxfiy ma’lumotlarning sizib chiqishi ehtimolini asos qilib, barcha yangi xorijiy uchuvchisiz uchish apparatlari hamda ularning butlovchi qismlarini “qora ro‘yxat”ga kiritgan.
Qayd etilishicha, joriy etilgan taqiq faqat yangi dronlarga nisbatan amal qiladi. Hozirda AQSh hududida foydalanilayotgan xorijiy dronlarga nisbatan esa hech qanday cheklov kiritilmaydi. Rasmiylar bu qaror orqali kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan texnologik va axborot xavflarining oldini olishni maqsad qilgan.
Mazkur qaror global dron bozorining 90 foizdan ortig‘ini egallab turgan Xitoyning DJI kompaniyasi uchun jiddiy zarba bo‘lishi kutilmoqda. Tahlilchilarga ko‘ra, AQShning bu qadami dron texnologiyalari bozorida raqobat muhitini o‘zgartirishi va mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishi mumkin.


