AQSH prezidenti Donald Tramp milliy xavfsizlikka tahdid mavjudligi sababli 12 mamlakat fuqarolarining mamlakatga kirishini to‘liq taqiqlovchi farmon imzoladi. Bu haqda CBS News jurnalisti Jennifer Jeykobs ijtimoiy tarmoqlarda xabar berdi.
“Prezident Tramp bugun kechqurun bir nechta mamlakat fuqarolariga sayohat taqiqini belgilovchi farmonni imzoladi”, — deb yozdi Jeykobs.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Afg‘oniston, Birma (Myanma), Chad, Kongo Respublikasi, Ekvatorial Gvineya, Eritreya, Gaiti, Eron, Liviya, Somali, Sudan,Yaman davlatlar fuqarolariga AQSHga kirish to‘liq man etilgan.
Farmonda aytilishicha, ushbu cheklovlar muhojirlar (immigrantlar) bilan bir qatorda, vaqtinchalik (immigratsion bo‘lmagan) vizalar asosida keluvchilarga ham tegishli.
Shuningdek, 7 ta davlat — Burundi, Kuba, Laos, Syerra-Leone, Togo, Turkmaniston va Venesuela fuqarolari uchun AQSHga kirish qisman cheklangan.
Oq uy tomonidan e’lon qilingan farmonda quyidagi jumlalar keltirilgan: “Tashqi siyosat, milliy xavfsizlik va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha AQSH manfaatlarini inobatga olgan holda, men 12 mamlakat fuqarolarining AQSHga kirishini to‘liq cheklashga qaror qildim”.


