AQShda kuchli qor bo‘roni oqibatida halok bo‘lganlar soni 73 kishiga yetdi. CBS News ma’lumotiga ko‘ra, qurbonlarning 49 nafari to‘g‘ridan to‘g‘ri ob-havo sharoiti yoki baxtsiz hodisalar bilan bog‘liq.
Rasmiylar yana 24 kishining o‘limi qayd etilganini ma’lum qildi. O‘lim sabablari orasida gipotermiya, yo‘l-transport hodisalari, qor tozalash texnikalari bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar, chanada uchish vaqtida yuz bergan fojealar hamda qor tozalash jarayonida sodir bo‘lgan to‘satdan yurak xurujlari bor.
Nyu-York shahri meri Zohran Mamdanining bildirishicha, shaharda 10 nafar fuqaroning jasadi topilgan, biroq ularning o‘lim sabablari hozircha aniqlanmagan.
Milliy ob-havo xizmati qishki bo‘ron AQSh hududining uchdan ikki qismiga ta’sir ko‘rsatib, taxminan 200 million kishini qamrab olganini ma’lum qildi. Mutaxassislar mamlakatning sharqiy hududlarida harorat me’yordan ancha past bo‘lib qolayotganini qayd etmoqda.
Shuningdek, AQSh tomon janubga qarab harakatlanayotgan yangi Arktika sikloni haqida ogohlantirildi. U hafta oxiriga qadar yetib kelib, yangi sovuq rekordlarini o‘rnatishi mumkin. Nyu-York shtatining shimoliy va g‘arbiy hududlarida 30–60 sm gacha qor yog‘ishi prognoz qilinmoqda.
Favqulodda vaziyatlar fonida rasmiylar qo‘shimcha choralar ko‘rmoqda. Nyu-York shahrida 50 dan ortiq kasalxona va isitish boshpanalari ochildi, Dallasda esa 1 150 ga yaqin uysiz fuqaro vaqtincha joylashtirildi. Missisipi shtatida 500 nafar Milliy gvardiya askari safarbar etildi.


