AQShning Florida shtatidagi Orlando xalqaro aeroportida Delta aviakompaniyasiga tegishli yo‘lovchi samolyotining dvigateli yonib ketdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Airbus A330 samolyoti 1213-reys bilan Orlandodan Atlantaga uchishi rejalashtirilgan edi. Bortda 200 dan ortiq yo‘lovchi, 10 nafar ekipaj a’zosi va ikki uchuvchi bo‘lgan. Hodisa yuzasidan barcha yo‘lovchilar zudlik bilan evakuatsiya qilindi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda samolyotning o‘ng dvigatelidan kuchli tutun va alangalar chiqqani aks etgan. Favqulodda holatda yo‘lovchilar samolyotni maxsus puflanadigan rampalar orqali tark etgan.
Yong‘in sabablari hozircha aniqlanmagan, holat yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.


