5-noyabr kuni boʻlib oʻtadigan prezidentlik saylovga qisqa vaqt qolganda 51 milliondan ortiq AQSH saylovchisi muddatidan oldin ovoz berish imkoniyatidan foydalangan.
“The Hill” nashri yozishicha, millionlab fuqaro 60-prezidentlik sayloviga tayyorgarlik jarayonida pochta orqali va saylov uchastkalarida ovoz bermoqda.
Florida universiteti saylov laboratoriyasi maʼlumotiga koʻra, muddatidan oldin saylovda qatnashish ruxsat etilgan shtatlarda 24 milliondan koʻp odam pochta orqali oʻz tanlovini bildirgan, 27 millionga yaqin kishi esa shaxsan ovoz bergan. Bu raqam 2020-yildagi 154 millionlik koʻrsatkichning qariyb uchdan bir qismidir.
Michigan, Pensilvaniya va Shimoliy Karolina kabi muhim shtatlar allaqachon 1,44 milliondan ziyod barvaqt ovozni qayd etgan. Bu saylov oldidan Demokrat va Respublikachi nomzodlar uchun muhim ahamiyatga ega.
Eslatib oʻtamiz, AQSHda muddatidan oldin ovoz berish saylov kuniga qadar davom etadi va pochta orqali yoki saylov uchastkalarida rasmiylashtirilgan byulletenlar 5-noyabr kuni berilgan ovozlar bilan birga saylov uchastkalari yopilgandan keyin sanab chiqiladi.


