Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livittning bayonotiga ko‘ra, BMT shtab-kvartirasida prezident Donald Tramp va uning rafiqasi Melaniya Tramp bilan bog‘liq noxush holat yuzasidan maxsus tergov o‘tkazilmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramplar BMT binosida eskalatordan foydalanmoqchi bo‘lganida u kutilmaganda to‘xtab qolgan. Ushbu masalani mutaxassislar hamda AQSh Maxfiy xizmati xodimlari atroflicha tekshirmoqda.
Livitt shuningdek, agar surishtiruv natijasida ushbu hodisada BMT xodimlarining qasddan aralashuvi aniqlansa, AQSh hukumati mas’ullarni javobgarlikka tortish choralarini ko‘rishini ta’kidladi.
Ma’lumki, Trampning BMT Bosh Assambleyasi minbaridagi nutqi davomida ham texnik nosozlik kuzatilgan va teleprompter ishlamay qolgan. Prezident bu vaziyatni istehzoli tarzda sharhlab, “BMT menga ikkita sovg‘a berdi: ishlamaydigan eskalator va nosoz teleprompter”, degan edi.


