AQSh Bosh prokurori Pamela Jo Bondi prezident Donald Trampga nisbatan olib borilgan tergov ishlarida ishtirok etgan 20 nafar xodimni ishdan ozod etdi. Bu haqda ABC News telekanali xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ishdan bo‘shatilganlar orasida Adliya vazirligining bir qator prokurorlari va yordamchilari bor. Biroq ular Trampga nisbatan sud jarayonlarida muhim pozitsiyada bo‘lmagani ta’kidlanmoqda.
Shuningdek, bu qaror AQSh Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil yanvar oyida boshlangan ichki o‘zgarishlar doirasida qabul qilingan. Xususan, Trampga qarshi jinoiy ishlarni ko‘rib chiqqan maxsus prokuror Jek Smit jamoasidagi 10 dan ortiq xodimga nisbatan ham xizmatdan ozod etish qarori qabul qilingan.
Rasmiylarga ko‘ra, Bosh prokuror ushbu xodimlarning Tramp ma’muriyatiga nisbatan xolis va siyosatdan xoli faoliyat yurita olishiga shubha bildirgan. Shu sababli ular bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
Mazkur holat AQShda siyosiy tergovlar va adliya tizimidagi mustaqillik muhokamalarini yana bir bor dolzarb mavzuga aylantirmoqda.


