O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi diplomatlari Virjiniya shtatida joylashgan “Kerolayn” va “Farmvill” xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markazlariga tashrif buyurib, ushbu muassasalarda saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Uchrashuvlar davomida vatandoshlarning saqlash sharoitlari, sog‘ligi, umumiy ahvoli, ovqatlanishi hamda maishiy ehtiyojlari o‘rganildi. Shuningdek, ularga konsullik va huquqiy masalalar yuzasidan zarur tushuntirishlar berildi.
O‘zbekiston fuqarolarining ma’lum qilishicha, ular AQSh hududiga noqonuniy kirib kelgani sababli hozirda deportatsiya bilan bog‘liq sud jarayonlarida ishtirok etmoqda. Shu munosabat bilan vatandoshlar O‘zbekistonga imkon qadar tezroq qaytishda amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan.
Elchixona vakillari o‘z vakolatlari doirasida fuqarolarni vatanga qaytarish masalalari bo‘yicha AQShning tegishli idoralari bilan muzokaralar olib borish, shuningdek, zarur konsullik hujjatlarini rasmiylashtirishda amaliy yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi.
Shu bilan birga, AQSh immigratsiya siyosatidagi so‘nggi o‘zgarishlarni inobatga olib, xorijda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga qabul qiluvchi davlat qonunchiligiga qat’iy rioya qilish, mamlakat hududida qonuniy asosda bo‘lish hamda noqonuniy faoliyatdan tiyilish tavsiya etildi.


