AQSh prezident ma’muriyati mamlakat hududida noqonuniy yashayotgan muhojirlarning o‘z ixtiyori bilan AQShni tark etishini rag‘batlantirish maqsadida to‘lanadigan mukofot miqdorini vaqtincha oshirishga qaror qildi.
AQSh Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noemning ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum qilishicha, o‘zini o‘zi deportatsiya qilish uchun ariza topshirib, mamlakatni ixtiyoriy ravishda tark etgan noqonuniy muhojirlarga 3000 AQSh dollari miqdorida mablag‘ to‘lanadi.
Vazirning ta’kidlashicha, mazkur miqdor 2025-yil oxirigacha o‘zini deportatsiya qilish bo‘yicha murojaat qilgan shaxslarga nisbatan amal qiladi. Kristi Noem ushbu chora Rojdestvo va Yangi yil mavsumida amerikalik soliq to‘lovchilar hisobidan hujjatsiz muhojirlarning mamlakatni ixtiyoriy tark etishini rag‘batlantirish maqsadida joriy etilganini qayd etdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur rag‘batlantirish mexanizmi avvalgi ko‘rsatkichlarga nisbatan uch baravarga oshirilgan.
Avvalroq, noyabr oyida AQSh Ichki xavfsizlik departamenti noqonuniy muhojirlarni mamlakat hududini ixtiyoriy ravishda tark etishga chaqiruvchi rasmiy murojaat e’lon qilgan edi.
Shuningdek, sentabr oyining oxirlarida Chikago shahriga AQSh bojxona va chegara himoyasi xodimlari yuborilgani hamda shaharda noqonuniy muhojirlarni hibsga olish ishlari boshlanganligi haqida xabarlar tarqalgan edi. Illinoys shtati gubernatori Jey Pritsker huquqni muhofaza qilish organlarining ushbu harakatlarini tanqid qilib, ular jamiyatda qo‘rquv uyg‘otayotgani va biznes muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini bildirgan.
Bundan oldin AQSh Immigratsiya xizmati Kongress a’zosiga bomba qo‘yish bilan tahdid qilgan noqonuniy immigrantni hibsga olgani ma’lum qilingan edi.


