Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen AQSh prezidenti Donald Trampning Grenlandiya ustidan nazorat o‘rnatish istagi hanuz o‘zgarmaganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Trampning ritorikasi biroz pasaygan bo‘lsa-da, bu masala AQSh rahbari uchun hamon jiddiy ahamiyatga ega.
Frederiksen Germaniyaning Myunxen shahrida bo‘lib o‘tgan Myunxen xavfsizlik konferensiyasida nutq so‘zlar ekan, AQSh prezidenti Grenlandiyani qo‘lga kiritish masalasiga jiddiy qarayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, Daniya va Grenlandiya bu pozitsiyaga qat’iyan qarshi ekanini bildirdi.
“Menimcha, AQSh prezidentining istagi o‘zgarmagan. U bu masalaga juda jiddiy qaramoqda. Ammo biz bunga rozi emasmiz. Daniya qirolligi ham, Yevropa ham bu fikrni qo‘llab-quvvatlamaydi”, — dedi Frederiksen.
U Grenlandiya aholisi o‘z pozitsiyasini aniq bildirganini ham alohida ta’kidladi.
“Grenlandiya xalqi juda aniq aytdi: ular amerikalik bo‘lishni istamaydi”, — dedi Daniya bosh vaziri.
Jurnalistlarning Grenlandiyaga narx qo‘yish mumkinmi, degan savoliga Frederiksen bunday fikrni rad etdi.
“Buni baholab bo‘lmaydi. Ispaniyaning bir qismini, AQShning bir qismini yoki dunyoning boshqa istalgan hududini pul bilan baholash mumkinmi? Biz suveren davlatlarni va xalqlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini hurmat qilishimiz kerak”, — dedi u.
Ma’lum qilinishicha, Tramp Grenlandiyani AQSh milliy xavfsizligi uchun strategik muhim hudud deb hisoblaydi. Mineral resurslarga boy va Arktika hududida joylashgan ushbu orol harbiy va geosiyosiy jihatdan katta ahamiyatga ega.
Shu bilan birga, Daniya, Grenlandiya va AQSh vakillari Arktika xavfsizligi bo‘yicha texnik muzokaralarni davom ettirmoqda. Daniya tomoni muzokaralar konstruktiv ruhda o‘tayotganini bildirgan bo‘lsa-da, Grenlandiyaning suvereniteti masalasi qat’iy pozitsiyada qolmoqda.


