
29 avgust kuni shtat qirg‘oqlariga “Ida” to‘foni kirib keldi. Sinoptiklarning fikricha, bu so‘nggi 16 yildagi eng dahshatli tabiiy ofat hisoblanadi. Shtat gubernatori Jon Bell Edvards shtatda holat og‘irligini, keyingi 24 soat ichida halokatli vaziyat saqlanib qolishini aytgan.
“Bu jiddiy to‘fon. Shtat uchun bu jiddiy sinov bo‘ladi. “Ida” Luiziana kasalxonalari uchun haqaiqiy muammo bo‘ladi. Sababi so‘nggi haftada COVID-19 bilan kasallanganlar soni ham ortgan”, - degan gubernator.

Edvarsning maʼlum qilishicha, tabiiy ofat shifoxonalar faoliyatiga ham taʼsir qildi. Xususan, koronavirusga chalingan bemorlarni evakuatsiya qilish va yangi kasallanganlarni joylashtirishning imkoni bo‘lmayapti.
Bundan sal oldin “Ida”ga halokatlilikning 4-darajasi berildi. Tahlillar shamol tezligi soatiga 250 kilometrni tashkil etgananini ko‘rsatmoqda.
Shaharda ko‘plab binolar vayronaga aylangan. Daraxtlar ildizi bilan sug‘irilgan.

So‘nggi maʼlumotlarga ko‘ra, Yangi Orlean shahrida bir millionga yaqin fuqaro elektr tarmog‘idan uzilgan. Internet ham ishlamayapti. Shuningdek, 390 ming kishi evakuatsiyaga muhtoj. Shu maqsadda Milliy Gvardiyaning 260 askari yordamga yetib kelgan.
To‘fon shimoli-g‘arbiy yo‘nalishga qarab ketmoqda. Alabama, Missisipi va Florida shtatlarida tornado xavfi eʼlon qilingan.
AQSH prezidenti Jozef Bayden Luizianada tabiiy ofat holatini eʼlon qildi. Prezident shuningdek, mahalliy hokimiyatga to‘fon oqibatlarini bartaraf etish uchun moddiy yordam ajratish yuzasidan buyruq bergan.
Maʼlumot o‘rnida, Luiziana o‘tmishda ham bu kabi tabiiy ofatlar bilan to‘qnash kelgan. Xususan, 2005 yilda shtatda “Katrina” to‘foni bo‘lib o‘tgan, oqibatda 1 800 kishi halok bo‘lgan. O‘shanda Yangi Orleanning 80 foizi suv ostida qolgan, jami 108 milliard dollarlik zarar ko‘rilgan. Lekin “Ida” shtat tarixida oxirgi 107 yil ichida kuzatilgan eng kuchli to‘fon sifatida baholanmoqda.
Jahongir Qo‘ziyev


