
"Biz siyosiy va harbiy hokimiyat parokanda bo‘lganiga guvoh bo‘ldik. Bu, o‘z navbatida, “Tolibon”ga qarshi butun mudofaa tizimini barbod qildi", – degan Stoltenberg.
AQSH va NATOning Afg‘onistonni tark etishi hukumat qulashini tezlashtirib yubormadimi, degan savolga: "bu kelajakda o‘tkaziladigan tadqiqotlarga mavzu bo‘lib xizmat qiladi", deb javob bergan. "Hozirda men uchun eng muhimi – terrorizmga qarshi kurashda erishilgan yutuqlarni saqlab qolish va odamlarni Afg‘onistondan olib chiqish",–deya qo‘shimcha qilgan Stoltenberg.
NATO Bosh kotibi Vashington qo‘shinlarni olib chiqishda ittifoqchilar bilan maslahatlashganini taʼkidlagan. Uning fikricha, NATOning boshqa aʼzolari AQSHsiz harbiy operatsiyani amalga oshira olmasdi. Chunki bunday holatda Yevropa davlatlarining armiya uchun parlamentdan katta mablag‘ va vositalarga ruxsat olishi oson emas.
15 avgust kuni Afg‘onistonda hokimiyat toliblar qo‘liga o‘tdi. Shundan keyin AQSH va G‘arb davlatlari fuqarolari va ular bilan hamkorlik qilgan afg‘onistonliklar evakuatsiya qilindi.
“Tolibon” bo‘ysundirmagan yagona viloyat Panjsher edi. Ammo sentyabr boshida bu hududning katta qismi harakat nazoratiga o‘tdi. Hozirda viloyatda qarshilik harakati davom etmoqda.
“Tolibon” 7 sentyabr kuni yangi hukumat tarkibini eʼlon qildi. Hozirda Afg‘oniston oliy rahbari etib Haybatullo Ohunzoda tayinlangan.
Avvalroq NATO afg‘on qochqinlariga yordam berish maqsadida maxsus kuchlarni jalb qilgani maʼlum bo‘lgan edi.
Jahongir Qo‘ziyev


