Avvalroq Qirg‘izistonda Prezident Sadir Japarovning besh yillik rahbarlik faoliyatiga bag‘ishlangan to‘rt qismli “Prezident” hujjatli filmi namoyish etilgani haqida xabar berilgan edi.
Unda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov qirg‘iz–tojik chegarasida yuzaga kelgan keskin vaziyatga to‘xtalib, mazkur masalaga yechim topilishida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning maslahatlari va vazmin diplomatik yondashuvi muhim ahamiyat kasb etganini ta’kidlagan.
Shu bilan birga, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning besh yillik faoliyatiga bag‘ishlangan hujjatli filmda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiev ham O‘zbekiston bilan chegara masalalarini hal qilish jarayoni oson kechmaganini ochiq tan oldi. Uning aytishicha, ayrim paytlarda muzokaralar keskin tortishuvlarga ham sabab bo‘lgan.
Tashiev O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov bilan muzokaralar chog‘ida jiddiy kelishmovchiliklar yuzaga kelganini eslab o‘tdi. “Bir payt Aripov bilan kelisha olmadik. Yaxshi-yomon gaplar bo‘ldi, urushib ketdik. U ham ketdi, men ham ketdim. Keyin u ‘kel, gaplashaylik’ dedi, lekin men ‘yo‘q, gaplashmayman’, deb turib oldim”, — deya hikoya qildi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan shu vaziyatda ikki tomon o‘rtasidagi muzokaralar butunlay to‘xtab qolish xavfi ostida qolgan. Agar davlat rahbarlari shaxsan aralashmaganida, jarayon davom etmasligi mumkin edi.
“Prezidentimiz o‘rtaga tushdi. Ikki davlat rahbarlari ‘urushmanglar, talashmanglar, o‘tirib kelishib olinglar’ deb chaqirdi. Shundan keyin muzokaralar yana davom etdi”, — dedi Tashiev.
U ushbu jarayonlar haqida so‘zlar ekan, Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi chegara masalasini hal etishda rahbarlarning qat’iy siyosiy irodasi, o‘zaro ishonch va sabr hal qiluvchi omil bo‘lganini alohida ta’kidladi.


