So‘nggi 4 yilda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash 3 barobarga o‘sdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston-Rossiya biznes forumidagi chiqishida maʼlum qildi.
Hukumat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan 10 oyida o‘zaro savdo 30 foizga o‘sgan. Shuningdek, O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan Rossiya investitsiyalari 13 milliard dollardan oshgani qayd etildi.
“Mavjud chaqiriq va cheklovlarga qaramay, bugun forumda ishtirok etayotgan yirik Rossiya kompaniyalari va moliya institutlari mamlakatimizda yirik investitsion loyihalarning amalga oshirilishida muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda”, – degan Bosh vazir.
Abdulla Aripov yuqoridagi ko‘rsatkichlarning yana-da oshishiga ishonch bildirgan.


