Armaniston NATO davlatlarining 22 aprelda boshlanadigan harbiy mashg‘ulotlarida ishtirok etadi. Bu haqda Pentagon matbuot kotibi Sabrina Singx maʼlum qildi.
“Taxminan 9 ming AQSH askari va 26 ittifoqchi va hamkor davlatdan 17 mingga yaqin askar ishtirok etadi va mashg‘ulotlarning bir qismi Yevropaning 10 ta turli davlatini qamrab oladi”, — dedi AQSH rasmiysi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu mashg‘ulotlarda NATOga aʼzo bo‘lmagan qator davlatlar: Armaniston, Moldova, Bosniya va Gersegovina, shuningdek, Kosovo ham ishtirok etadi.
Bu deyarli ikki oy davom etadigan yillik mashg‘ulotlar bo‘lib, asosiy eʼtibor AQSHda joylashgan kuchlarni strategik joylashtirish, armiya zaxiralaridan foydalanish hamda Yevropa ittifoqchilari va hamkorlari bilan hamkorlik qilishga qaratiladi.
Eslatib o‘tamiz, Armaniston ikki yil avval NATO mashg‘ulotlarida qatnashishdan bosh tortgan edi. Biroq bu safar u Ozarbayjon bilan Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha mojaroda Bosh vazir Nikol Pashinyanni qo‘llab-quvvatlamagan Kreml va KXSHT bilan munosabatlar sovuqlashgani sababli o‘z pozitsiyasini o‘zgartirdi.


