Armaniston Prezidenti Vaagn Xachaturyan Rossiya bilan munosabatlar endilikda “aka-uka” emas, balki sheriklik asosida yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi. RTVI telekanaliga bergan intervyusida u Yerevanning oxirgi yillarda mustaqil siyosat yuritishga intilayotganini aytib o‘tdi.
“Hozir Rossiya bilan munosabatlar butunlay boshqacha – sheriklik munosabatlari. Rossiyaning Armanistonga munosabati katta akaning kichik ukasiga emas, balki sheriklik darajasida. Biz so‘nggi to‘rt yil davomida aynan shunga intildik”, dedi Prezident.
Xachaturyanning so‘zlariga ko‘ra, Armaniston rasmiylari Moskva hamkasblarining mamlakat mustaqil qarorlarini hisobga olishini istaydi. U, shuningdek, Rossiya Bosh vaziri o‘rinbosari Aleksey Overchukning YeOII va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida tanlov qilish zarurligi haqidagi bayonotiga izoh berib, Armaniston ko‘p tarmoqli iqtisodiyotga ega ekanini ta’kidladi.
Armaniston Prezidenti 4 aprel kuni mamlakatning Yevropa Ittifoqiga kirish jarayonini boshlab beruvchi qonunni imzolagan edi. Bu esa Rossiya tomonidan Yerevanning YeOIIdan chiqishga qadam sifatida baholangan bo‘lsa-da, Armaniston iqtisodiyot vaziri mamlakat ittifoqdan chiqish niyatida emasligini bildirdi.


