Tadbirda Ekologiya vazirligi va O‘rmon agentligi masʼullari, Xitoy Xalq Respublikasi Shinjon ekologiya va geografiya instituti professorlari, Ninsya-Xuey avtonom tumani ekologiya va o‘rmon sohasi mutasaddilari hamda mamlakatimizdagi ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari, “Yashil loyiha” loyihalash instituti, Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi, Arnasoy tumani hokimligi masʼullari, hududiy davlat o‘rmon xo‘jaliklari mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni O‘rmon agentligi direktori Erkin Muhiddinov kirish so‘zi bilan ochib, mamlakatimizda davlatimiz tomonidan iqlim o‘zgarishlarining oldini olish, yangi o‘rmonzorlar barpo etish va tiklash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.
“O‘z navbatida bugun Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida ishga tushirilayotgan “O‘zbekiston – Xitoy do‘stlik galofit bog‘i” ham respublikamizda yashillik darajasini oshirish, ekotizimlarni mustahkamlashga xizmat qiladi, bundan keyin ham xitoylik hamkorlar bilan birgalikdagi bu boradagi ishlarimiz izchil davom ettiriladi,” – dedi E.Muhiddinov.
Shundan so‘ng seminar ishtirokchilari suvsizlik va sho‘rlanishga chidamli galofit o‘simliklari bog‘i tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdilar.
Tadbirda galofit o‘simliklarni yetishtirishning ilmiy asoslari, agrotexnik tadbirlar, tejamkor sug‘orish texnologiyalarini joriy etish va iqlim o‘zgarishi sharoitida barqaror agroekotizim yaratish masalalari muhokama qilindi.
Seminar davomida xitoylik mutaxassislar tomonidan amaliy ko‘rgazmalar o‘tkazilib, ishtirokchilarga galofit o‘simliklarini va parvarishlash, tuproq sho‘rlanishini kamaytirish va ekologik barqarorlikni taʼminlashda bu o‘simliklarning ahamiyati haqida tavsiyalar berildi.
Tadbir yakunida xitoylik mehmonlar yangi galofit bog‘i hududiga esdalik uchun manzarali daraxt ko‘chatlari ekishdi.
Maʼlumot o‘rnida, O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari tomonidan mahalliy tuproq-iqlim sharoitiga mos 122 turdagi galofit o‘simliklar ro‘yxati shakllantirilib, 2025 yil iyun oyida Xitoy Xalq Respublikasi Shinjon ekologiya va geografiya instituti hamkorligida 35 turdagi 1,3 tonna galofit o‘simliklari urug‘lari olib kelingan.


