Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida tarixiy voqea ro‘y berdi. Qurilishi davom etayotgan zamonaviy aeroportga ilk bor “L-410UVP-E20” rusumli samolyot qo‘ndi. Sinov parvozi nafaqat texnik imkoniyatlarni tekshirish, balki Arnasoy hayotida yangi davr boshlanishi sifatida baholanmoqda.
Aeroport qurilishi hududda turizmni rivojlantirish uchun muhim qadam sifatida ko‘rilmoqda. Tumanda Ayder-Arnasoy ko‘llari bo‘yida ekoturizm klasterlari, dam olish maskanlari va zamonaviy infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda. Mahalliy va xorijiy investorlar jalb qilinib, turizm zonasi jadal rivojlantirilmoqda.
Arnasoy tumani hokimi Odil Musanovning ta’kidlashicha, aeroport nafaqat transport obyekti, balki yangi ish o‘rinlari yaratish, kichik biznesni rivojlantirish va iqtisodiy yuksalishga xizmat qiluvchi strategik loyiha hisoblanadi. Aeroport ishga tushgach, u ichki va xalqaro turistlarni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Mahalliy aholi ham samolyotning muvaffaqiyatli qo‘nishini katta qiziqish bilan qarshi oldi. Yangi aeroport Arnasoyni nafaqat Jizzax viloyatida, balki mamlakat miqyosida ham muhim turistlik nuqtaga aylantirishi, hududning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga turtki bo‘lishi kutilmoqda.


