Asal mahsuloti bog‘cha tarbiyalanuvchilari va shifoxonalardagi bemorlarning kunlik rasioniga kiritiladi. Bu haqda Hukumatning “Asalarichilik tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va qishloq xo‘jaligi ekinlarini asalari bilan changlatishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 2023-yilda 200 ming gektar maydonda paxta hosildorligini oshirish uchun g‘o‘zani asalari bilan changlatish agrotexnikasi qo‘llaniladi.
Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida Namangan hamda Farg‘ona viloyatlari tajribasi asosida Asalarichilik sanoat markazlari tashkil etiladi. Shuningdek, 2024-yildan intensiv mevali bog‘larda asalari bilan changlatish agrotexnikasini qo‘llash choralari ko‘riladi.
Bundan tashqari, 2023-yil 1-sentyabrdan maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari va shifoxonalardagi bemorlarning kunlik isteʼmol rasioniga asal mahsulotini kiritish masalasi ko‘rib chiqiladi. Har yili 1–10-dekabr kunlari Toshkent shahrida “Asal bayrami” va “Asalarichilik mahsulotlari” xalqaro ko‘rgazmasi o‘tkazib boriladi.
Qaror bilan, shuningdek, “Fermerlar maktabi”da paxta maydonlari va intensiv mevali bog‘larda asalarilar bilan changlatish agrotexnikasini qo‘llash bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etiladi.


