Maʼlum qilinishicha, so‘nggi 100 yil davomida global miqyosda havo haroratining ko‘tarilishi 1,2 gradusni tashkil qilgan bo‘lib, bizning mintaqamizda ushbu ko‘rsatkich 2 gradusga oshgan.
Respublika bo‘yicha atmosfera havosiga jami zararli tashlamalarning 58 foizi (1,4 mln. tonna) avtotransport vositalari ulushiga to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkich Toshkent shahrida 93 foizni (397 ming tonna) tashkil etadi.
Davlat ekologik ekspertizasi xulosalarida yangi ishga tushirilayotgan har bir obyekt bo‘yicha samaradorlik darajasi 99,5 foizdan hamda faoliyat yuritayotgan obyektlar bo‘yicha samaradorlik darajasi 95,0 foizdan kam bo‘lmagan chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish majburiyati belgilanmoqda.
Shuningdek, hozirda yangi avtotransport vositalarining faqatgina “Yevro-4” va undan yuqori ekologik toifalarga javob beradigan modellarini import qilish tartibi joriy etildi.
Ayni paytda avval foydalanishda bo‘lgan transport vositalarini import qilishda ham ularning ekologik taʼsir meʼyorlarini belgilash bo‘yicha milliy standart loyihasi ishlab chiqilmoqda.


