O‘zbekistonda avgust oyi davomida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish oqibatida tizimga 86,5 milliard so‘m zarar yetkazilgani ma’lum qilindi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” o‘z tekshiruvlari natijasida e’lon qildi.
Tekshiruvlar davomida 179 ta holatda iste’molchilar elektr va gaz tarmoqlariga noqonuniy ulangan. Natijada 36,8 million kilovatt-soat elektr energiyasi hamda 8,7 million kub metr gaz talon-toroj qilingani aniqlandi.
Bundan tashqari, qoidabuzarliklar bo‘yicha 476 ta ma’muriy ish rasmiylashtirildi. Huquqbuzarlarga nisbatan qonunda belgilangan choralar qo‘llanmoqda, materiallar esa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirilgan.
Ta’kidlash joiz, bunday holatlar iyul oyida ham kuzatilgan edi. O‘shanda tizimga 96 milliard so‘mlik zarar yetkazilgani qayd etilgan. Mutaxassislar noqonuniy ulanishlarning oldini olish borasida qo‘shimcha choralar ko‘rish zarurligini urg‘ulamoqda.


