Toshkent shahrining Yashnobod tumanida joylashgan Aviator savdo majmuasida sodir bo‘lgan yong‘in holati bo‘yicha jinoyat ishi ochildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Zamon.uz'ga ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 192¹¹-moddasi (Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiisteʼmol qilish) hamda 259-moddasi (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o'tamiz, yong‘in joriy yil 31-yanvar kuni tushdan keyin savdo majmuasining ikkinchi qavatida yuz bergan. Yong‘in natijasida taxminan 800 kvadrat metr maydon zarar ko‘rgan. Hodisani bartaraf etish uchun 12 ta asosiy va 4 ta maxsus texnika hamda 6 ta suv tashuvchi vosita safarbar qilingan.
Fojiali hodisadan so‘ng vayronalar ostidan 3 yoshli qizaloqning jasadi topilgan.


