Ukrainaning to‘rt viloyati anneksiya qilinishiga javoban Avstraliya rasmiylari Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar kiritdi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, bu safar 28 nafar vazir va yuqori martabali amaldorlar cheklovlar ostida qolgan. Sanksiyalar moliyaviy operasiyalarga, shuningdek, Avstraliyaga sayohatga ham ta’sir qiladi.
“Ushbu qo‘shimcha sanksiyalar Avstraliyaning Prezident Putin va uning buyrug‘ini bajarayotganlarning harakatlariga nisbatan keskin noroziligini bildiradi”, — deydi mamlakat tashqi ishlar vaziri.
Diplomat hozirda Rossiya qo‘shinlari ishg‘ol qilgan yerlar Ukrainaning suveren hududi ekanligini va hech qanday soxta referendum buni o‘zgartirmasligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, Qo‘shma Shtatlar ham Ukraina hududlarini anneksiya qilgani uchun Rossiya Federasiyasiga qarshi sanksiyalar kiritgan edi. “Qora ro‘yxat”ga Rossiya harbiy-sanoat kompleksining 14 nafar vakili, moliyaviy infratuzilmaning uchta asosiy yetakchisi kiritilgan.


