Hududlarda jamoat transporti harakatini barqarorlashtirish maqsadida qo‘shimcha choralar ko‘rilmoqda. Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida (AGTKSh) hozirda birinchi galda jamoat transporti, ayniqsa avtobuslarga tabiiy gaz quyilishi ta’minlanmoqda.
Vazirlikning bildirishicha, Farg‘ona, Sirdaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida shahar ichi yo‘nalishlarida qatnovchi avtobuslarning uzluksiz harakati ustuvor yo‘nalish etib belgilangan. Shu maqsadda 25-yanvar kuni jamoat transporti va maxsus texnikalar uchun 1,5 million kub metr, 26-yanvar kuni esa 2,5 million kub metr tabiiy gaz yetkazib berilishi rejalashtirilgan.
Xususan, Farg‘ona viloyatida soat 12:00 dan 15:00 gacha 22 ta, Toshkent viloyatida esa 14:30 dan 17:30 gacha 20 ta metan gaz quyish shoxobchasi faqat jamoat va kommunal transportga xizmat ko‘rsatgan. Qolgan hududlarda ham shu tartibdagi ishlar davom ettirilmoqda.
Ko‘rilayotgan choralar natijasida gaz quvurlaridagi bosim oshirilib, ayrim hududlarda aholi xonadonlarida tabiiy gaz ta’minoti me’yoriy holatga keltirilmoqda. Energetika vazirligi va hududiy hokimliklar jamoat transporti qatnovini to‘liq tiklash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirib borayotganini ma’lum qildi. Avvalroq Farg‘ona va Termiz shaharlarida gaz yetishmovchiligi sabab avtobuslar qatnovi vaqtincha to‘xtagani haqida xabarlar tarqalgan edi.


