Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-martdagi 116-sonli qaroriga muvofiq plastik shakldagi guvohnomalar 2017-yil 1-oktabrdan joriy etildi.
Guvohnomalar avvaliga 60 mingdan 70 mingtagacha berildi, guvohnomalarning almashtirish muddati 2021-yil 31-dekabrgacha belgilanganligi sababli oxirgi oylarda avtomototransport vositalarini rasmiylashtirish, qayta rasmiylashtirish bo‘yicha murojaatlar soni keskin ortib, bir oyda berilayotgan guvohnomalarning soni 140 mingtani tashkil etdi.
Shu sabab Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 17 noyabrdagi 690-sonli qarori talablariga asosan, guvohnomalarni almashtirish muddati qayta uzaytirildi. Guvohnomalarni almashtirish ishlarini bosqichma-bosqich amalga oshirish belgilandi.
Shu bilan qatorda, oxirgi oylarda murojaatlarning soni oldingi oylarga nisbatan salkam ikki baravar oshishi natijasida guvohnomalarni berishda ayrim uzilishlar bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelmoqda. Mazkur kamchiliklarni bartaraf qilish maqsadida Ichki ishlar vazirligi hozirda Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan guvohnomalar uchun buyurtmalar soni ko‘paytirilib, hududlarga tarqatilmoqda.
Yuzaga kelgan noqulayliklar uchun Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi avtomototransport vositalari egalaridan uzr so‘radi.
Avvalroq, Samarqandda avtomashinalarga texpasport berilishida muammolar yuzaga kelgani haqida xabar berilgandi.
Munojat Valiyeva


