Oliy ta’lim muassasalariga kirishda bir qator imtiyozlar mavjud bo‘lib, ulardan ayrimlari imtihonsiz, qo‘shimcha kvota doirasida talabalikka tavsiya etish uchun asos bo‘ladi.
Bilimni baholash agentligi ma'lumotlariga ko'ra, xalqaro sport musobaqalari g‘oliblari oliy ta’lim muassasalarining jismoniy tarbiya va sport sohasidagi ta’lim yo‘nalishlariga qo‘shimcha davlat granti asosida qabul qilinadi.
Shuningdek, xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblari, "Mard o‘g‘lon" va "Zulfiya" davlat mukofoti sohiblari kabi 10 dan ortiq turdagi imtiyozlar ham abituriyentlarning imtihonsiz qo‘shimcha davlat granti asosida talabalikka tavsiya etishga asos bo‘ladi.
Shu bilan birga, "Zakovat" intellektual o‘yini g‘oliblari esa oliy ta’lim muassasalarining tegishli ta’lim yo‘nalishlariga imtihonsiz bazaviy to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi.
Bundan tashqari, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktablar va ijod maktablarining bitiruvchilari ham imtihonsiz bazaviy to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi.


