O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarori bilan “Ayrim toifadagi talabalar davlat oliy taʼlim tashkilotlari talabalar turar-joylaridagi yashash xarajatlarini qoplab berish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Nizomga ko‘ra, davlat oliy taʼlim tashkilotlarining faqat kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan talabalarining yashash xarajatlari davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida tahsil olishidan qatʼiy nazar, Davlat byudjetidan qoplab beriladi.
Talabaning davlat oliy taʼlim tashkilotlari talabalar turar-joylaridagi yashash xarajatini qoplab berish uni oilasi Ijtimoiy reestrning “kambag‘allik chegarasidagi oila” toifasiga kiritilgan sanadan boshlab 12 oy davomida saqlanib qoladi.
Talabalar ustuvorlik asosida, navbatsiz davlat oliy taʼlim tashkilotining talabalar turar-joyiga qabul qilinadi.
Ariza beruvchi o‘zi tahsil olayotgan oliy taʼlim tashkilotining rektori (filial direktori) nomiga oyning 7-sanasiga qadar ariza bilan murojaat qiladi. Shu bilan birga, ariza mustaqil ravishda kontrakt.edu.uz orqali ham yuborilishi mumkin.
Ariza tegishli o‘quv yili uchun bir marotaba yuboriladi. Fakultetlarning yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosarlari (masʼullar) 1 kun muddatda elektron tarzda yuborilgan arizalarni umumlashtirib, belgilangan tartibda komissiyaga taqdim etadi. Masʼullar tomonidan taqdim etilgan arizalar 1 kun muddatda komissiya tomonidan o‘rganilib, tegishli qaror qabul qilinadi.


