17 aprel kuni Qozog‘iston Respublikasi Qarag‘andi viloyatining Balхash shahri politsiya bo‘limiga Balхash ko‘li qirg‘oq zonasida joylashgan mehmonxona majmualaridan biri hududida xorijliklar noqonuniy yashayotgani haqida maʼlumot kelib tushdi.
Tekshiruv davomida politsiya xodimlari tomonidan mazkur mehmonxona majmuasida 23 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan 10 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi quruvchi sifatida ishlagani aniqlangan. Biroq ularda bu faoliyat uchun ruxsatnomalar bo‘lmagan. Maʼlum bo‘lishicha, to‘qqiz nafar xorijlik avvalroq migratsiya qonunchiligini buzgani uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilgan, biroq Qozog‘iston hududida qolishda davom etgan.
Balхash shahar maʼmuriy huquqbuzarliklar bo‘yicha sudining qaroriga ko‘ra, ular ikki sutkaga hibsga olinib, keyinchalik O‘zbekiston Respublikasiga chiqarib yuboriladi. Amalga oshirilgan faoliyati bilan vizada ko‘rsatilgan holatlar o‘rtasidagi nomuvofiqlik uchun 1 nafar 41 yoshli O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi maʼmuriy javobgarlikka tortildi. Sud qarori bilan u ikki sutkaga hibsga olindi.
Shuningdek, ushbu xorijiy fuqarolarning 40 yoshli ish beruvchisi maʼmuriy javobgarlikka tortildi. U Qozog‘iston Respublikasi qonunchiligini buzgan holda xorijiy mehnat va mehnat muhojirlaridan foydalanganlik uchun maʼmuriy javobgarlikka tortildi va 91 890 tenge miqdorida jarimaga tortildi.


