Bangladesh janubi-sharqidagi konteyner omborida yirik yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda “Al-Jazeera” nashri xabar qildi.
Hodisa oqibatida 16 kishi halok bo‘lgan, 170 dan ortiq kishi jarohatlangan. Shifokorlarning aytishicha, qurbonlar soni ko‘payishi mumkin, chunki yaradorlarning ayrimlari og‘ir ahvolda.
Rasmiylar yong‘in shanba kuni kechqurun Chittagong port shahridan 40 kilometr uzoqlikda, Sitakundadagi konteyner inshootida sodir bo‘lganini ma’lum qildi. Bu bir nechta portlashlarga ham sabab bo‘lgan.
Jabrlanganlar orasida o‘t o‘chiruvchilar va polisiya xodimlari ham bor. Ular yong‘indan keyingi portlashlar paytida jarohatlangan.
“Hodisada 40 nafar o‘t o‘chiruvchi va 10 nafar politsiyachi jarohat oldi. Shuningdek, uch nafar o‘t o‘chiruvchi halok bo‘ldi”, — degan mahalliy polisiya boshlig‘i.
Aholining aytishicha, portlashlar mahallani larzaga solgan va yaqin atrofdagi uylarning oynalari singan. Chittagong fuqarolik jarrohi tumandagi barcha shifokorlarni yordam berishga va shoshilinch qon topshirishga chaqirgan.
Yong‘inning kelib chiqish sababi hozircha no‘ma’lum. O‘t o‘chirish xizmati xodimlari olov vodorod peroksid idishidan kelib chiqqan va boshqalariga ham tarqalib ketgan deb taxmin qilmoqda.
Javohirbek TURSUNOV


