Bugun, 11-iyul kuni ijtimoiy tarmoqda ayrim bankomatlardan naqd pul yechishda 3 foizgacha komissiya to‘lovlari olinayotganligi to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Markaziy bank rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, bayram kunlari munosabati bilan respublika hududidagi 9500 dan ortiq bankomatlarning uzluksiz ishlashi va yetarli miqdorda naqd pullar bilan ta’minlash choralari ko‘rilgan.
Bankomatlardan naqd pul yechish uchun komissiya to‘lovlari tijorat banklari tomonidan bankomatga xizmat ko‘rsatish xarajatlaridan kelib chiqib mustaqil belgilanadi va bugungi kunda 1 foizdan oshmaydi.
“Ayrim tijorat banki tomonidan alohida bir bankomatda eksperiment tariqasida tabaqalashgan yuqori komissiya to‘lovi o‘rnatilgan bo‘lsa, erkin bozor sharoitida bu o‘zini oqlamaydi. Zero, boshqa bankomatlarda komissiya to‘lovi 1 foiz yoki undan past qilib belgilanganligi sababli iste’molchilar arzon xizmatidan foydalanishni afzal ko‘radi”, — deyiladi xabarda.


