1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Barcha tuman va shaharlarda 2 tagacha saylov uchastkasida videokameralar o‘rnatiladi

Saylov kuni ovoz berish jarayoni onlayn videotranslyatsiya qilib boriladi.

Barcha tuman va shaharlarda 2 tagacha saylov uchastkasida videokameralar o‘rnatiladi

 

Joriy yil 9 iyulda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish ishlari jadal davom etmoqda. Bunda saylov uchastkalarini zarur jihozlar, texnika va boshqa anjomlar bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

 

Taʼkidlash joizki, bugungi kunda raqamli texnologiyalar rivojlanib, kundalik hayotimizdan muhim o‘rin egallamoqda, jamiyatimizning har bir jabhasiga jadal kirib bormoqda. Axborot asrida raqamli texnologiyalar taraqqiy etib borayotgan bir paytda saylov jarayonlarida ham ularning imkoniyatlaridan samarali foydalanishga ustuvor ahamiyat qaratilayotir. 

 

Bu borada Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Raqamli texnologiyalar va Ichki ishlar vazirliklari mutaxassislari bilan birgalikda takliflar ishlab chiqilib, saylov kuni ovoz berish jarayonini real vaqt rejimida (onlayn) video-translyatsiya qilish maqsadida respublikaning barcha tuman va shaharlari hududida joylashgan ikkitagacha saylov uchastkalarida videokamera va boshqa zarur qurilmalar o‘rnatish yuzasidan aniq choralar belgilandi. 

 

Bunda onlayn-translyatsiya uchun videokameralar o‘rnatiladigan uchastka saylov komissiyalari binolari, yaʼni ovoz berish joylari va xonalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari tavsiyalari asosida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan shakllantiriladi.

 

Videokameralarni o‘rnatish va jihozlash Ichki ishlar vazirligining “Xavfsiz shahar” markazi tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu kameralar orqali saylov kuni jarayonlarni onlayn translyatsiya qilish Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan taʼminlanadi. 

 

Saylov uchastkalarida o‘rnatilgan video-kuzatuv kameralari orqali saylovda ovoz berish jarayonlari MSKning rasmiy veb-saytida, Matbuot markazining led ekranlarida hamda MTRKning telekanallari orqali real vaqt rejimida translyatsiya qilib boriladi. Bunda saylovchilarning yashirin ovoz berish prinsiplariga to‘liq rioya etiladi. 

 

Taʼkidlash joizki, saylov uchastkalarida video-kuzatuv kameralarining o‘rnatilishi saylov jarayonlarini, xususan, ovoz berish jarayonlarini xolis kuzatish hamda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashga xizmat qiladi. 

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика