AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Kevin Makkarti Jo Baydenga qarshi impichment jarayoni doirasida rasmiy tergov boshlanganini maʼlum qildi.
“Hokimiyatni suiisteʼmol qilish va korrupsiyaga oid ayblovlar Vakillar palatasi tomonidan qo‘shimcha ko‘rib chiqilishini talab qiladi. Shuning uchun men Vakillar palatasi qo‘mitasiga prezident Jo Baydenga nisbatan rasmiy impichment bo‘yicha tergovni boshlashni buyuraman”, — dedi Kevin Makkarti.
Makkarti Jo Baydenni yolg‘onda aybladi. Spikerning aytishicha, uning oila aʼzolari chet el firmalaridan millionlab dollar ishlab topgan va bu haqda prezidentning o‘zi ham biladi. Bayden o‘g‘li Xanterning xorijiy biznes operatsiyalaridan daromad ham olgan.
Respublikachilar partiyasi aʼzolari prezidentga impichment eʼlon qilish uchun hali yetarli dalillarga ega emaslar. Bayden barcha ayblovlarni qatʼiyan rad etadi va Oq uy sodir bo‘layotgan voqealarni eng yomon “ekstremal siyosat” deb atadi.


