Avvalroq Toshkent viloyatining Bekobod tumanida yashovchi 28 yoshli ayol 5-qavatdan o‘zini tashlab, joniga qasd qilgani haqida xabar berilgandi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Bekobod tuman sudining 2024 yil 13 avgustdagi hukmiga muvofiq, marhumaning turmush o‘rtog‘i D.X. Jinoyat kodeksining 103-moddasi (o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tash belgilandi.
Jabrlanuvchi N.X. (marhuma)ning qonuniy vakili R.S. sudlanuvchi D.X.dan moddiy va maʼnaviy zararlarni undirish yuzasidan tegishli hujjatlarni to‘plab, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan tomonlar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent viloyat sudiga apellyatsiya (kassatsiya) instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirish mumkinligi maʼlum qilingan.


