Toshkent viloyati bo‘yicha DXX boshqarmasi va viloyat prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Bekobod shahar MIB davlat ijrochisi o‘z mansab vakolatidan suiiste’mol qilgani aniqlanib, jinoyat ustida qo‘lga olindi. 1989-yilda tug‘ilgan mansabdor shaxs aliment qarzdoriga qo‘yilgan chet elga chiqish taqiqini olib tashlash evaziga 20 million so‘m talab qilgan va 13 million so‘mni pora sifatida olayotganda ushlangan.
Surishtiruv davomida aniqlanishicha, davlat ijrochisi ilgari ham ushbu “xizmat” uchun fuqarodan 450 AQSh dollari va 1 million 300 ming so‘m olgan. Ushbu harakatlar jinoyat ishi ochilishiga sabab bo‘ldi.
Bekobod tuman sudining hukmiga ko‘ra, MIB xodimi Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi va 168-moddasi 3-qismi “v” bandi bo‘yicha aybli deb topildi. U 2 yil muddatga huquqni muhofaza qiluvchi organlar va davlat tashkilotlarida rahbarlik hamda moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilindi va 6 yilga ozodlikdan mahrum etildi.


