Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen “Ukraina mojarosidagi roli” uchun Belarusga nisbatan yangi sanksiyalar qo‘llashga vaʼda berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainadagi harakatlarini harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlaganlarga qarshi jazoni kengaytirish kerak.
“Bu, masalan, Belarus yoki Eron bo‘lishi mumkin. Biz Minskka qarshi yangi sanksiyalar bilan oldinga siljiymiz”, — dedi YEK rahbari.
Avvalroq respublika prezidenti Aleksandr Lukashenko Belarus Ukraina hududida jangovar harakatlarga kirishish niyatida emasligini, Rossiya ham undan buni talab qilmayotganini aytgandi. U, shuningdek, “G‘arb davlatlari bizni barcha gunohlarda ayblagan va ayblashda davom etyapti, ular garchi o‘zlari ham “qulog‘igacha” bu mojaroga aralashgan bo‘lsalar ham, har qanday yo‘l bilan Belarusni bu mojaroga tortishga harakat qilmoqda,”, degan edi.


