Prokuratura organlari xodimlari kuni munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan bir guruh fidoyi va tajribali mutaxassislar davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Mukofotlar huquq-tartibotni mustahkamlash, qonun ustuvorligini ta’minlash va tizimdagi samarali xizmatlari uchun berildi.
Jumladan, prokuratura faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi faoliyati uchun Kalonov Botir Xamzayevich "Mehnat shuhrati" ordeniga sazovor bo‘ldi. Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish borasidagi jasorati uchun esa Yunusov Marat Erkinovich "Mardlik" ordeni bilan mukofotlandi.
Shuningdek, Toshkent shahrida xizmat olib borayotgan Razakova Gulchexra Narzullayevna "Do‘stlik" ordeni bilan taqdirlandi. Jizzax viloyati prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Zaripov Jamshid Baxodirovich hamda Prezident Administratsiyasi mas’ul xodimi Maxmudov Murodbek Madiyorovich «Jasorat» medali bilan e’tirof etildi.
Bundan tashqari, bir qator prokuratura xodimlariga "Sodiq xizmatlari uchun" va "Shuhrat" medallari topshirildi. Davlat rahbari ushbu mukofotlar orqali prokuratura tizimida halol, mas’uliyatli va fidokorona mehnat qilayotgan xodimlarning xizmatini yuksak baholadi.


