Har yili kuz-qish mavsumini o‘zbekistonliklar elektr energiyasi va gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolar ila qarshi oladi. Yilning issiq kunlarida risoladagidek yongan chiroqlar noyabr oylaridan sekin-asta o‘cha boshlaydi. Qishloq aholisi esa tabiiy gazdan umidini uzadi va o‘tin, ko‘mir kabi yoqilg‘i zaxirasini hozirlaydi. Qahraton kunlarda odamlar uylarini isitish uchun qo‘llaridan nima kelsa, shuni qiladi. Maqsad – qishdan eson-omon chiqib olish. Afsuski, hamma ham bahorning iliq kunlariga sog‘-salomat yetib bormayapti.
Kuni kecha Farg‘onaning Buvayda tumanida uch kunlik kelin-kuyov is gazidan zaharlanish oqibatida vafot etdi. Bundan bir yil oldin, aynan 2021-yilning noyabr oyida ham xuddi shunday holat kuzatilgandi: Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida 3 oylik kelin-kuyov ham zaharlarish qurboni bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 2020-yildan 2022-yilning may oyiga qadar is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq 428 ta holat sodir bo‘lgan. Natijada 366 nafar fuqaro vafot etgan va 307 nafar shaxs turli darajada jarohatlangan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligining rasmiy saytida joriy yil davomida is gazidan zaharlanish bo‘yicha kuzatilgan holatlar statistikani topa olmadik (faqat eski yillardagi hisobotlar mavjud). Lekin OAVda bu bo‘yicha e’lon qilingan materiallarni ko‘rib, raqamlardan yoqa ushlaysan kishi.
Xususan, 2022-yilning 14-yanvarida Farg‘onada 2 kishi, 12-fevralda Xo‘jaobodda 1 kishi, 14-fevralda Asakada 3 kishi, 22-fevralda Qo‘shtepada 1 nafar talaba qiz, 21-martda Qo‘qonda masjid imom-xatibi (oila a’zolari bilan 5 kishi), 30-oktyabrda Buxoro tumanida 1 kishi, 6-noyabrda Forishda 3 kishi (ayol va 2 farzandi), 13-noyabrda Urganchda 2 kishi, 15-noyabrda Zarbdorda 3 kishi (ayol va 2 nabirasi), 20-noyabrda Qarshida 1 kishi (ijarada yashagan qiz), xuddi shu kuni Popda 3 kishi va 22-noyabrda Buvaydada 2 kishi (kelin-kuyov) is gazi qurbonlari bo‘lishdi. Demak, bizning hisobimiz bo‘yicha, yil davomida umumiy 28 kishi is gazidan halok bo‘lgan. Achinarlisi, birgina noyabr oyida 14 kishining vafot etgani.
Xo‘sh, bunga qaysidir tashilot javobgarmi? Nima uchun bu sonlar ko‘paysa, ko‘payyapti, lekin kamaymayapti? Bu kabi holatlarning oldini olish bo‘yicha qachon va qanday chora ko‘riladi?
Ayni shu masalada yil boshida, ya’ni 24-may kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining yigirma oltinchi yalpi majlis oldidan majlisi bo‘lib o‘tgandi. Unda “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonunning ijrosi, xususan, is gazidan zaharlanishning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar muhokama qilingan.
Senatorlarning qayd etishicha, avvalgi yillarda o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar yetarli darajada o‘z samarasini bermagan.
Yig‘ilishda milliy qonunchilikda is gazi chiqishi, uni bartaraf etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni ko‘rish, aholini muhofaza qilish, xususan, zaharlanish holatlarining oldini olish borasidagi munosabatlarni o‘zida ifoda etuvchi yaxlit normativ-huquqiy hujjat mavjud emasligi ham tarmoqda ijobiy o‘zgarish bo‘lmayotganligiga bir sabab sifatida aytib o‘tilgandi.
Xususan, amaldagi qonunchilikda is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olishga mas’ul bo‘lgan vakolatli davlat organi aniq belgilanmagan. Natijada bu borada amaliyotda tushunmovchiliklar kelib chiqmoqda.
Masala ko‘tarilgan, hodisa sabablari ham ma’lum, lekin bunga mas’ul organ haligacha yo‘q. “Yuqoridagilar” nimani kutishyapti? Qachongacha bu kabi o‘limlarga faqat odamlarning o‘zi aybdor bo‘ladi? Balki, “uyg‘onish vaqti” kelgandir?
Javohirbek TURSUNOV


