Eʼlon qilingan Konstitutsiyaviy qonun loyihasining 120-moddasida viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari Kengashining raisi lavozimini egallashi mumkin emasligi haqida qoida mustahkamlanmoqda.
Yangilanayotgan Konstitutsiyaga mahalliy davlat hokimiyatining ijro etuvchi va vakillik organlari vakolatlarini ajratishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini isloh qilishdagi eng muhim masala – bu hududlarda hokimlar va mahalliy kengashlar vakolatini ajratish hisoblandi. Hokimning ham mahalliy kengashlarga, ham mahalliy ijro hokimiyatiga rahbarlik qilishi o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanatini taʼminlashga doir demokratik prinsiplariga mos kelmaydi. Hokimlar va mahalliy kengashlarning o‘z vazifalarini samarali bajarishiga salbiy taʼsir etmoqda.
Mazkur o‘zgartirishga ko‘ra hokim faqat ijro hokimiyatining boshlig‘i sifatida faoliyat yuritadi. Shuningdek, mahalliy Kengash raisi deputatlar orasidan saylanishi kerakligini belgilab bermoqda. Bu islohotning joriy etilishi hokimiyat vakolatlarini bo‘linish prinsipini mahalliy darajada tatbiq etishga, mahalliy kengashlar faoliyati samaradorligini, hokimlarning xalq vakillari oldidagi masʼuliyatini oshirishga olib keladi. Hududlarda xalq manfaatlarini to‘liq taʼminlashga, hokimliklar faoliyati ustidan Kengashlar va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Mahalliy darajada ijro va vakillik organini alohida tarzda tashkil etilishi va boshqarilishi xorijiy mamlakatlar amaliyotida ham uchraydi. Masalan, Fransiya Respublikasida har bir hududiy birlik iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik masalalar uchun masʼul bo‘lgan va mahalliy xarajatlarni nazorat qiluvchi tanlangan Kengash tomonidan boshqariladi.
Ilk marotaba hokimlar bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari Kengashlariga ham boshchilik qilishi haqidagi qoidani Konstitutsiyadan chiqarib tashlanishi hokimiyatning o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanatini taʼminlash prinsipiga to‘liq mos keladi.
Ushbu norma viloyat, tuman va shahar hokimi nomzodining xalq deputatlari Kengashlar tomonidan tasdiqlanishi hamda ularning mahalliy Kengashlar oldidagi hisobdorligi viloyat, tuman va shahar hokimlari masʼuliyati va javobgarligini oshiradi. Mahalliy Kengashlarning faoliyati, avvalambor, mahalliy aholi manfaatlaridan kelib chiqib qarorlar qabul qilishga yo‘naltirilsa, hokimning faoliyati esa mazkur qarorlarni ijro qilishga qaratiladi.
Xayitjon Turdiyev, TDYUU dotsenti


