«Bozordan kelib pulimni qayta-qayta sanadim. Keyin hamma sotib olgan narsalarimning narxini telefonimga yozib, hisoblab chiqdim. Qiziq, nega buncha pul chiqayapti? O‘tirib, bir boshdan o‘ylay boshladim. Ha-a-a, qizimga sport kiyimi olganimda, sotuvchi ayol adashib ketgan. O‘zi uch yuz ming dedi. Men naq yarim bahosini aytib savdolashdim. Oxiri uniki hammas, meniki hammas, ikki yuz ellik mingga zo‘rg‘a ko‘ndi. Mingtalikdan uch bog‘lam tutqazgandim, adashib, bitta besh yuztalik bog‘lam berish o‘rniga, ikkita bog‘lam pul qaytaribdi. Odam ko‘p edi-da do‘konida. Ha, mayli, mana o‘zim istagan narxga baribir oldim-da. Sotuvchilar ham rosa gapni olib borishadi-da, «O‘zi bunchagina ustiga qo‘yilgan, opa. Buning ustiga, mening molimmas, bir ishchiman, xolos bu yerda», deb.
Sport kiyimi qizimga loppa-loyiq keldi. Ko‘zguga o‘zini solgancha «Rahmat, oyijon», deyayotganidan to‘lqinlanib bo‘lgan voqeani aytib berdim.
— Voy, oyi, shu ellik mingni olib borib bera qolaylik, adashib ketgandir sotuvchi. Endi pulini izlayotgandir, — dedi ichi achinib. Biram taʼsirchan-ey...
— Shartmas. O‘zi ikki yuz mingga olishni mo‘ljallagandim. Mana, Xudo o‘zi savdomni o‘ngladi, — dedim men bugungi omadimdan quvonib.
Ertasi kuni esa qizim sport mashg‘ulotlarida yiqilib tushdi. Oyog‘i sindi. Voy-dodlab singan suyaklarini gips qildirayotgan bolam «Oyi, o‘sha ellik mingni olib borib bering», derdi nuqul... Shu kuniyoq bozorga chopdim. Sotuvchi ayol bozor tugagani uchun eshikni yopayotgan ekan. Uning qo‘liga ellik ming tutqazganimda «Rahmat, opa, rahmat, xo‘jayinlarga o‘zimning yonimdan bergandim, rahmat, halol odam ekansiz», deya xursand bo‘lib ketdi...


