Germaniya, Buyuk Britaniya va Fransiya G‘azo sektorida davom etayotgan mojaroga nisbatan qo‘shma bayonot e’lon qilib, barcha tomonlarni zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi. Bayonotda HAMAS harakatini qurolsizlantirish, barcha isroillik garovga olingan shaxslarni hech qanday shartlarsiz ozod qilish va G‘azodagi tinch aholi uchun gumanitar yordam yetkazilishiga to‘siqlarni olib tashlash talab etilgan. Bu haqda Euro news xabar bergan.
Ushbu bayonot uch davlat — Yevropa Ittifoqining yetakchi a’zolari tomonidan e’lon qilinib, xalqaro hamjamiyatga murojaat shaklida taqdim etildi. Unda mojaro faqat tinch yo‘l bilan va xalqaro huquq doirasida hal etilishi lozimligi qayd etilgan.
"Biz Falastinning bosib olingan hududlari ustidan Isroil suverenitetini zo‘rlik bilan o‘rnatish harakatlariga qat’iyan qarshimiz", — deyiladi bayonotda. G‘arbiy davlatlar Isroilni xalqaro qonunlarga rioya qilishga va G‘azodagi aholi huquqlarini hurmat qilishga chaqirdi.
Bundan tashqari, bayonotda “ikki xalq – ikki davlat” tamoyiliga asoslangan tinchlik jarayonini tiklash zarurligi ta’kidlandi. Xususan, G‘azo sektorida o‘tish davri boshqaruv mexanizmlarini ishlab chiqish va ushbu hududda barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha xalqaro hamkorlik zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.


