Yevropa Ittifoqi Rossiya bilan urush olib bormayapti. Bu haqda Yevroittifoq tashqi ishlar va siyosat bo‘yicha oliy komissari Jozef Borrel maʼlum qildi.
Yevropa bosh diplomatining so‘zlariga ko‘ra, mavjud vaziyatda u Ukrainani qo‘llab-quvvatlayapti.
"Sanksiyalar muhim, ammo – siyosat emas. Bu voqealarga munosabat. Bizga mavjud muammolar yechimi kerak va bu yechimlar diplomatiya bilan bog‘liq bo‘lishi kerak. Biz Rossiya bilan urush olib bormayapmiz. Ammo biz hujumga uchraganlar tarafidamiz", — degan siyosatchi.
Shu bilan birga Borrel sanksiyalar Yevropaga ham tasʼir ko‘rsatishini aytgan. Bundan tashqari, u yadro urushi haqida gapirish — masʼuliyatsizlik ekanini maʼlum qilgan.
Maʼlumot uchun: 24-fevral kuni Rossiya Ukraina sharqida maxsus operatsiya boshlashini eʼlon qildi. Hozirda mamlakatning turli nuqtalarida janglar ketmoqda. G‘arb bunga javoban Moskvaga sanksiyalar joriy etdi. Qora ro‘yxatda Putin, RF tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va boshqa ko‘plab oliy martabali amaldorlar ham bor.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya Rossiyaga sanksiya joriy etmagani sabablarini ochiqlangan edi.


