Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari kengashi Afg‘onistonda inson huquqlarining buzilishi haqidagi da’volar bo‘yicha dalillarni to‘plash va holatni o‘rganish uchun mustaqil tergov jarayonini yo‘lga qo‘yadi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur rezolyutsiya loyihasi Yevropa Ittifoqi tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, unda Afg‘onistonda inson huquqlari buzilishi holatlarini aniqlash va ularni hujjatlashtirish maqsadida mustaqil tergov guruhi tuzish nazarda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, sentyabr oyida BMTning Afg‘onistondagi missiyasi “Tolibon” harakatini mamlakatda internet xizmatlarini to‘liq tiklashga chaqirgan edi. Tashkilot fikricha, internetga qo‘yilgan cheklovlar so‘z erkinligi va axborot olish huquqining buzilishiga olib keladi.
Shuningdek, avvalroq Afg‘oniston hukumati ayollar tomonidan yozilgan asarlarni oliy ta’lim dasturlaridan chiqarib tashlagani, shuningdek, inson huquqlari va jinsiy zo‘ravonlik masalalariga oid fanlarni o‘qitishni taqiqlagani ma’lum bo‘lgandi.


