1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Siyosat

BMT Bosh qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Donald Tramp muzokaralari bo‘lib o‘tdi

Davlat rahbari AQSh prezidentini O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi.

BMT Bosh qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Donald Tramp muzokaralari bo‘lib o‘tdi

23-sentabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuv o‘tkazdi.

 

Suhbat chog‘ida tomonlar O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish, turli sohalardagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldilar. Shuningdek, mintaqaviy va global ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

 

Davlat rahbarlari avvalroq, 5-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqot davomida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilish borishini ko‘rib chiqdilar.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev suhbat avvalida Donald Trampni ichki va tashqi siyosatdagi yutuqlari bilan samimiy tabrikladi hamda xalqaro maydondagi tinchlikparvar sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.

 

O‘z navbatida, AQSh Prezidenti O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarni qo‘llab-quvvatladi, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, aholi farovonligini oshirish va xalqaro nufuzni mustahkamlash yo‘lidagi izchil harakatlarni olqishladi.

 

Uchrashuv davomida ikki tomonlama siyosiy muloqot va aloqalarning izchil rivojlanayotgani, biznes doiralari o‘rtasidagi hamkorlik faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Donald Tramp O‘zbekiston rahbarining AQShning 50 dan ortiq yirik kompaniya va banklari rahbarlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv natijalarini yuqori baholadi.

 

Fuqaro aviatsiyasi, tog‘-kon sanoati, muhim mineral resurslar, moliya, innovatsiyalar, kimyo, energetika va boshqa yo‘nalishlardagi yirik loyihalar hamda shartnomalar portfeli shakllantirilgani, bu tashabbuslar ikki davlatda o‘n minglab yangi ish o‘rinlari yaratishiga alohida urg‘u berildi.

 

Muzokaralar yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev Donald Trampni qulay fursatda O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi.

 

Uchrashuv ochiq, konstruktiv va do‘stona ruhda o‘tdi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика