Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Isroilni bosib olingan G‘arbiy Sohilda aholi punktlarini kengaytirish amaliyotini zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi. Tashkilot vakillarining ta’kidlashicha, bunday harakatlar Falastin hududlaridagi vaziyatni yanada keskinlashtirib, mintaqadagi tinchlik va barqarorlikka jiddiy tahdid solmoqda. Bu haqda TRT Russian nashri xabar berdi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi harbiy amaliyotlar natijasida o‘n minglab falastinliklar o‘z yashash joylarini tark etishga majbur bo‘lgan. Tashkilot bunday majburiy ko‘chirishlar xalqaro gumanitar huquq normalariga zid ekanini ta’kidlab, ayrim holatlarda bu harakatlar urush jinoyati sifatida baholanishi mumkinligini qayd etdi.
Shuningdek, BMT vakillari Isroil tomonidan yangi aholi punktlari qurilishi va mavjud punktlarning kengaytirilishi Falastin davlatini shakllantirish istiqbollariga salbiy ta’sir ko‘rsatishini bildirgan. Tashkilot xalqaro hamjamiyatni vaziyatni diqqat bilan kuzatishga hamda xalqaro huquq normalariga rioya etilishini ta’minlashga chaqirdi.
BMT G‘arbiy Sohilda tinch aholi xavfsizligini ta’minlash, noqonuniy ko‘chirishlarni to‘xtatish va hududdagi keskinlikni kamaytirish bo‘yicha zudlik bilan choralar ko‘rish zarurligini ta’kidlab kelmoqda.


