BMT Bosh kotibi Antonio Guterres tashkilot jiddiy moliyaviy inqiroz xavfi ostida qolayotganini ma’lum qildi. Uning ogohlantirishicha, agar vaziyat o‘zgarmasa, BMT mablag‘lari 2026-yil iyul oyiga borib butunlay tugashi mumkin. Bu haqda The Business Standards nashri xabar berdi.
Reuters ko‘rgan maktubda Guterres inqiroz chuqurlashib borayotgani, bu esa muhim dasturlar va tashabbuslarning amalga oshirilishiga tahdid solayotganini ta’kidlagan. Unga ko‘ra, a’zo davlatlarning majburiy badallarni to‘lamasligi hamda sarflanmagan mablag‘larni qaytarishni talab qiluvchi byudjet qoidalari vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda.
Bosh kotibning qayd etishicha, BMTning eng yirik moliyaviy hissadori bo‘lgan AQSh so‘nggi yillarda ajratmalarni keskin qisqartirgan. Xususan, 2025-yilda AQShning BMT va uning agentliklariga to‘lovlari 3,3 milliard dollargacha kamaygan, bu esa tashkilot umumiy moliyalashtirishining qariyb 15 foizini tashkil etadi.
Guterres a’zo davlatlarni ikki yo‘ldan birini tanlashga chaqirdi: majburiy badallarni to‘liq va o‘z vaqtida to‘lash yoki BMTning moliyaviy qoidalarini tubdan isloh qilish. Aks holda, u “yaqin kelajakda moliyaviy kollaps xavfi yanada kuchayishini” ta’kidladi.


