BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish butun dunyoda jurnalistlarni hibsga olish tendensiyasi kuchayib borayotganidan xavotirda. Bu haqda “The Wall Street Journal” gazetasining muxbiri Evan Gershkovichning josuslik ishi bo‘yicha Rossiyada hibsga olinishi haqidagi voqeani sharhlar ekan Bosh kotibning vakili Stefan Dyujarrik shunday bayonot berdi:
“Guterrish jurnalistning faqat o‘z faoliyati bilan bog‘liq to‘siqlar, hibsga olishlar va undan ham yomonroq holatlar kuchayib borayotganidan xavotirini qayta-qayta bildirib keladi”, — dedi Dyujarrik.
Federal xavfsizlik xizmatining Jamoatchilik bilan aloqalar markazi maʼlumotlariga ko‘ra, Gershkovich “Amerika tomonining ko‘rsatmasiga asosan Rossiya harbiy-sanoat majmuasi korxonalaridan birining faoliyati to‘g‘risidagi davlat siri bilan bog‘liq maʼlumotlarni to‘plagan. Shu munosabat bilan jurnalist Yekaterinburgda qo‘lga olingan. Federal xavfsizlik xizmatining Tergov departamenti unga nisbatan Jinoyat kodeksining 276-moddasi (Josuslik) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi.


