8-dekabr kuni Boku Kongress markazida “OIC Madaniy Festivali: Baku Creative Week – 2025”ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Ozarbayjon Respublikasi rasmiylari, Islom Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar delegatsiyalari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari, ijodiy sanoat yetakchilari hamda OAV xodimlari ishtirok etmoqda.
Marosimda so‘zga chiqqanlar festivalning asosiy maqsadlari — mintaqada madaniy almashuvni kuchaytirish, ijodiy sohalarni qo‘llab-quvvatlash va kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish ekanini ta’kidladilar. Ushbu platforma yangi xalqaro hamkorliklar, qo‘shma loyihalar va innovatsion tashabbuslarga keng yo‘l ochishi qayd etildi.
Dunyoning 50 dan ortiq mamlakatidan mehmonlar tashrif buyurgan nufuzli anjumanda O‘zbekiston madaniyat va san’at sohasi vakillari ham faol ishtirok etmoqda.
Festival dasturi kino, dizayn, musiqa, animatsiya, texnologiya va boshqa yo‘nalishlarda panel muhokamalari, taqdimotlar, networking uchrashuvlari bilan boyitilgan.
11-dekabrga qadar ko‘rgazmalar, kinonamoyishlar hamda master-klasslar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
“OIC Madaniy Festivali: Baku Creative Week – 2025” OICga a’zo mamlakatlar o‘rtasida madaniy muloqotni rivojlantirish, innovatsiya va ijodkorlikni birlashtirishga xizmat qiluvchi muhim xalqaro maydonga aylanmoqda.


