Fransiya Milliy Assambleyasi 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda maʼqulladi. Bu haqda Franceinfo xabar berdi.
Ovoz berish 27-yanvarga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tgan. Qonun loyihasini 116 nafar deputat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron hukumatdan mazkur qonunni qabul qilish jarayonini tezlashtirishni so‘ragan. Uning taʼkidlashicha, taqiq 2026-yil 1-sentabrgacha, yaʼni yangi o‘quv yili boshlanishidan oldin kuchga kirishi lozim.
“Bolalarimizning miyasi sotilmaydi — na Amerika platformalariga, na Xitoy telekanallariga. Ularning orzularini algoritmlar belgilab bera olmaydi”, — deb yozdi Makron X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Maʼlum qilinishicha, Emmanuel Makron 2025-yil iyun oyida bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash rejasini eʼlon qilgan. Prezidentning fikricha, ijtimoiy tarmoqlar yoshlarning ruhiy salomatligiga salbiy taʼsir ko‘rsatadi, ayniqsa bosim va zo‘ravonlikka oid kontent yoshlar orasida keng tarqalayotgani xavotirli.
2025-yil oxirida Fransiya hukumati ushbu masalaga oid ikki qismdan iborat qonun loyihasini tayyorlagan. Uning ikkinchi qismida o‘rta maktablarda mobil telefonlardan foydalanishni taqiqlash taklifi ham o‘rin olgan.


