Ekologiya, atrof-muhitni muxofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri 4-iyul kuni Aziz Abduxakimov Qonunchilik palatasi yalpi majlisida "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida bajarilgan ishlar yuzasidan axborot bergandi.
Unda qayd etilishicha, Navoiy viloyatida 959 ming, Toshkent viloyatida 564 ming, Farg‘ona viloyatida 465 ming, Qashqadaryo viloyatida 227 ming tup ko‘chat qo‘shib yozilgani aniqlangan.
Shuningdek, 1,8 million tup ko‘chatni saqlash va parvarishlash uchun tegishli masʼullar belgilanmagan. Bundan tashqari, 7,3 million tup ko‘chat sug‘orish tizimlari mavjud bo‘lmagan hududlarga ekilgani haqida maʼlum qilindi.
Bosh prokuraturaning xabar berishicha, mazkur yalpi majlisda Bosh prokuraturaning Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshlig‘i O‘ktam O‘tayev ham ishtirok etib, aytilgan kamchiliklar Bosh prokuratura tomonidan alohida nazoratga olingan.
Qayd etilishicha, hozirda Bosh prokuratura va vazirlik mutaxassislaridan iborat tuzilgan ishchi guruh holatga qonuniy baho berish va aybdor shaxslarga nisbatan tegishli chora ko‘rish yuzasidan o‘rganish ishlarini boshladi.


