Buyuk Britaniyada Bolgariyaning uch fuqarosi Rossiya foydasi uchun josuslik qilayotganlikda gumonlanib hibsga olindi, deb yozmoqda Britaniya ommaviy axborot vositalari.
Taʼkidlanishicha, qo‘lga olinganlar fevral oyidan buyon hibsda saqlanmoqda. Ular ustidan sud 2024 yil yanvar oyida Londonda boshlanadi, deya xabar berdi O‘zA.
“Buyuk Britaniyada Rossiya foydasiga ishlagan uch josus qo‘lga olingan, ularga milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha olib borilayotgan yirik qidiruv ishlari doirasida ayb qo‘yilgan”, – deyiladi Bi-bi-Si teleradio korporatsiyasi tarqatgan xabarda.
Xabarda taʼkidlanishicha, qo‘lga olinganlar Bolgariya fuqarosi hisoblanadi, lekin ko‘p yillardan buyon Buyuk Britaniyada istiqomat qilgan.
Hukumatning taʼkidlashicha, bolgariyaliklar Rossiya maxsus xizmatiga ishlab kelgan. Ular qalbaki hujjatlarni saqlaganlikda ayblanmoqda, deyiladi ommaviy axborot vositalari tarqatgan xabarlarda. Tarqatilgan maʼlumotlarga ko‘ra, gap Britaniya, Bolgariya, Italiya, Ispaniya va boshqa davlatlarning shaxsni tasdiqlovchi hujjatlari haqida bormoqda.


